Bolalarni dasturlashga o‘rgatuvchi eng yaxshi 9 o‘yin 20.07.2018

Bolalarni dasturlashga o‘rgatuvchi eng yaxshi 9 o‘yin

Yozgi ta’til vaqtida bolalar biror yumush bilan band qilinmasa, ularni nazorat qilish oson kechmaydi. Bugungi yosh avlod axborot texnologiyalari qurshovida ulg‘aymoqda. Istaymizmi-yo‘qmi ular kompyuter o‘yinlari qarshisida ko‘p vaqtini o‘tkazishadi. Bu holatdan qanday qilib samara chiqarish mumkin? Biz sizga bolalarni dasturlashga o‘rgatuvchi eng yaxshi o‘yinlarni tavsiya qilamiz.

Farzandingizni kelajakda AKT sohasi mutaxassisi rolida ko‘rmasangiz ham, ularning bu bilimlarni egallashiga mone’lik qilmang. Chunki dasturlash mantiqiy fikrlashni va o‘z xatti-harakatlarini rejalashtirish qobiliyatini rivojlantiradi. Quyida tavsiya etiladigan o‘yinlarda yosh u qadar chegaralanmagan va ularni ikki yoshli bolakay ham, maktab o‘quvchisi ham birday o‘ynashi mumkin.

Kodable: hatto bolakay ham dasturlashni o‘rgana oladi!

Boshlang‘ich dasturlash ta’limini berishga mo‘ljallangan ajoyib onlayn-servis. U onlayn tarzda dars beruvchi o‘qituvchilarga ham, ota-onalarga ham qo‘l keladi. Loyiha mualliflari o‘yinni hatto ikki yoshli bolakaylar ham o‘ynay olishlarini ta’kidlashadi. Shunday ekan, Kodable bilan farzandingiz dasturlashni o‘qish va yozishdan oldin o‘rganib oladi.

Dizayni yorqin va quvnoq. Bola quvnoq «yuzcha»lar bilan labirintlarda o‘ynaydi, dasturlash ilmini esa parallel ravishda o‘zlashtirib boradi. Barcha maslahatlar murakkab ko‘rsatmalar tarzida emas, rasm shaklida taqdim qilinadi. Buni eng kichik ishtirokchi ham tez tushunib oladi. Mazkur dastur boshlang‘ich maktabda informatika fani uchun ideal vosita bo‘ladi. O‘yindagi topshiriqlar bajarilishini o‘qituvchilar ham, ota-onalar ham kuzatib borishlari mumkin. Unda murakkablik darajasini belgilab borsa bo‘ladi.

Code Monkey

Ushbu o‘yin real dasturlash tilini (CoffeeScript) taklif qiladi, uning yordamida bolalar HTML5 da o‘z o‘yinlarini yozishi mumkin. Bunda boshlang‘ich tajriba talab etilmaydi: ta’lim noldan boshlanadi. Informatika asoslari o‘ziga xos quvnoq o‘yin qahramoni sarguzashtlari orqali o‘zlashtiriladi. Darajalar muharriri esa mustaqil ravishda o‘yin jarayonlari ko‘rinishini o‘zgartirish imkonini beradi.

Bu o‘yin ayniqsa boshlang‘ich ta’limda juda foydali. Antiqa maymuncha o‘quvchilarni bir qator bosqichlardan olib o‘tadi va bolada kodlashtirish ilmi shakllanadi. Bola dasturlashni o‘rganish bilan birga, kompyuter oldida vaqtini samarali va maroqli o‘tkazadi. Eng asosiysi, foydasiz kompyuter o‘yinlaridan yiroqroq bo‘ladi.

Code.org

Bu servisning qulayligi o‘yinni boshlashdan avval tushunarli tilni tanlash mumkin. Yuqorida Kodable haqida yozayotib, o‘qituvchi yoki ota-onalarga bola uchun ta’lim dasturi tuzishlariga yordam berishini aytib o‘tgandik. Bu yerda ham shunaqa: bolalar uchun, o‘qituvchilar uchun bo‘limlar mavjud, shuningdek, shaxsiy o‘yinni yaratish imkoni ham bor.

Sahifa ostida «Kod studiyasini tadqiq et» bo‘limi mavjud bo‘lib, unda mustaqil sinab ko‘rish mumkin bo‘lgan ko‘plab o‘yinlar bor.  «Flappy Bird» misolidagi interaktiv ta’lim foydali va qiziqarli: o‘z shartlarini kiritgan holda tayyor o‘yinni do‘stlarga ulashish mumkin. Bola dasturlashni o‘zlashtiradi va algoritm asoslari bazasini tushunib yetadi. Vazifalarning biri bajarilganda bolaga bonus sifatida sertifikat beriladi.

Vim Adventures

Labirintli «Vim Adven-tures» dasturi o‘yin formatida «Vim»ni o‘rganishga ko‘maklashadi. Ko‘plab personajlar u yoki bu bosqichda nima qilish kerakligi haqida ko‘rsatmalar beradi, shuningdek «Vim» bilan ishlashda boshlang‘ich foydali ko‘nikma hosil qiladi.

Bu boshqotirma bosqichdan-bosqichga murakkablashib boradi. Juda foydali o‘yin. Bitta «minusi» — uning ingliz tilida ekani: qahramonlar so‘zlarini yo bolaning o‘zi tarjima qilishiga to‘g‘ri keladi (bir jihatdan til o‘rganishga stimul) yoki farzandingizga o‘yinni tushunib o‘ynashi uchun o‘zingiz ko‘maklashishingiz zarur bo‘ladi.

Lightbot

Bu o‘yin ham ingliz tilida, ammo u tavsiya qilishga arziydi. O‘yinni planshet yoki smartfonga ko‘chirib olish ham mumkin. Bosh qahramon — mitti robot. U belgilangan shartlar bo‘yicha topshirilgan harakatlarni bajaradi. U bir joydan ikkinchisiga o‘tib, belgilangan joylardagi chiroqlarni yoqib chiqadi. Shartlar oddiy, lekin bundan orttiladigan malaka bola uchun juda foydali.

Ilova maktab yoshdagilar uchun ham, maktabgacha yoshdagi bolalar (4-6 yosh)ga ham tavsiya qilinadi. Bundan tashqari, kattaroq yoshdagi (9-10 yosh) bolalarga mo‘ljallangan qiyinlashtirilgan talqini ham mavjud.

O‘yin shunchalik qiziqarliki, u hatto kattalarga ham yoqadi. «Lightbot» mantiqiy fikrlashni va vazifalar yechimi algoritmini tuzish ko‘nikmasini shakllantiradi.

Cargo-Bot

Boshlang‘ich bosqichlarini hatto bog‘cha bolalari ham tushuna oladi. Matn deyarli yo‘q, shuning uchun kichik yoshdagi bolalarga topshiriqlarni tushunib olish qiyinchilik tug‘dirmaydi.

O‘yin bosqichma-bosqich murakkablashib boradi. U mantiqiy fikrlashni rivojlantiradi va dasturlash bazalarini shakllantirishga ko‘maklashadi.

Scratch

Maxsus bolalar uchun ishlab chiqilgan eng mashhur loyiha. Bola ushbu o‘yin orqali dasturlashni tez o‘rganadi. Aslida bu o‘yin ham emas, u kodlashtirishni to‘laqonli o‘rgatuvchi qo‘llanma. Ammo uning yoqimli dizayn va qiziqarli shartlar asosida qilingani bolalarni o‘ziga jalb qila oladi.

«Scratch keng yosh auditoriyasini qamrab oladi, biroq u ko‘proq 8 yoshdan katta bolalarga mos keladi.

CodeCombat

«CodeCombat» o‘yini anchagina murakkab bo‘lgan dasturlash tillari (JS, Python, Lua, CoffeScript)ni o‘zlashtirishga ko‘maklashadi.

Maktab o‘quvchilari bu o‘yin bilan dasturlashni o‘rganadilar va informatika sohasida o‘zlari uchun butunlay yangi cho‘qqilarni kashf etadilar.

SeeBot

C++ dasturlash tiliga yaqinlashtirilgan o‘yin. Bir necha yillar avval yaratilgan ushbu o‘yinning grafikasi biroz kambag‘al bo‘lsa-da, bu uning foydali jihatlarini yo‘qqa chiqara olmaydi.

«SeeBot» voqealari o‘zga sayyorada kechadi va uning qahramonlarini boshqarish uchun kodlashtirish zarur. Mutaxassislar ushbu o‘yinni Java, C++ va C# dasturlash tillarining boshlang‘ich bosqichi deb hisoblashadi.  Agar farzandingiz ushbu dasturlash tillarini o‘zlashtirishini istasangiz — «SeeBot» eng yaxshi variant hisoblanadi.

Javaharlal Neru nomidagi
O'zbek-Hind axborot texnologiyalari markazi

Dasturlash bu san'atdir, chunki u mavjud bilimlarni amaliy qo'llaydi, u yaratuvchanlik va tajribalarni talab etgan holda go'zallikni yaratadi.

O'rganishni boshlang Biz bilan bog'laning